DSinGIS loyihasi doirasida Vengriyaning Szekesfehervar shahriga ilmiy sohada malaka oshirish uchun tashrif

Innovatsion g’oyalar kuchi hamkorlik zamiriga qurilgan aloqalarning rivojlanishiga bog’liqligi oynadek ravshan. Bu borada so’z ketganda, hamkorlikga tayangan mustahkam aloqalarning roli katta bo’ladi. Boshqa sohalarda bo’lgani kabi tajriba almashuvlarning suv va qishloq xo’jaligining turli tarmoqlarida ham ahamiyati katta. Huddi shunday samaradorlikka qaratilgan hamkorlik natijasi bo’lib DSinGIS (Geoinformatika sohasida doktorantura) loyihasi hisoblanadi.

Geoinformatika – bu yangi ilm sohasi hisoblanadi, lekin uning ildizi ming yillarga borib taqaladi. Loyiha uchta an’anaviy geografik fanlarni birlashtiradi (birinchidan, geodeziya – bu aniq fazoviy ma’lumotlarni olish, ikkinchidan, geografiya – inson va jismoniy jihatdan o’rganish fani sifatida hamda so’ngisi kartografiya – xaritalarni yaratish fani sifatida). Ushbu fanlarning integratsiyasi o’ta jadallik bilan rivojlanayotgan kompyuter tizimiga asoslangan. Geoinformatika metodlari barqaror rivojlanish uchun qarorlarni qabul qilishda zarur bo’lgan boshqa fanlarda keng qo’llaniladi. Bundan tashqari u makon, geografik ma’lumotlar to’plash, saqlash, tahlil qilish, boshqarish va taqdim etish uchun mo’ljallangan tizimdir. GAT ilovalari foydalanuvchilarga interaktiv so’rovlar (foydalanuvchi tomonidan yaratilgan izlanishlar) yaratish, joylardagi ma’lumotlarni tahlil qilish, xaritalarda ma’lumotlarni tahrir qilish va ushbu operatsiyalarning natijalarini taqdim etish imkonini beradigan vosita bo’lib hisoblanadi.

DSinGIS loyihasining maqsadi Geoinformatika orqali O’zbekistonda barqaror rivojlanishni qo’llab-quvvatlashdir. DSinGIS loyihasining muhim vazifalaridan bo’lib quydagilar hisoblanadi:

  1. Geoinformatikani tatbiq etish sohasida doimiy kasbiy rivojlanishni qo’llab-quvvatlovchi yangi innovatsion doktorlik dastur va usullarini ishlab chiqish.
  2. Yuqori axborot va komunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muhitini yaratish, oliy o’quv yurtlari va ilmiy muassasalar o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlash.
  3. O’zbekistondagi hamkor universitetlar professor-o’qituvchilari va ilmiy xodimlarining geoinformatika sohasidagi ilmiy salohiyatini yuksaltirish.
  4. Doktorantura va ilmiy tadqiqotda O’zbekistonlik olimlarni tarmoqlararo geoinformatika sohasiga yo’naltirish.
  5. Geoinformatika sohasida faoliyat olib borayotgan professor-o’qituvchi va doktorantlarning xalqaro miqiyosidagi jamiyatlarga jalb etilishini kengaytirish, OTM va ITMlarning xalqarolashuvini kuchaytirish.

2019 yilning 3 yanvaridan 3 martigacha bo’lgan muddatda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch doktoranti Mamanbek Reymov loyiha doirasida Vengriyaning Obuda universitetida ikki oylik ilmiy-tadqiqot amaliyotini o’tkazdi. Ushbu davr mobaynida u doktor Malgorzata Vojtaszek rahbarligida “Masofadan zondlash va GAT” yo’nalishida “Geoaxborot texnologiyalar bazasida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar tizimini yaratish uchun Orolbo’yi ekotizimini tadqiq qilish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishini davom ettirdi.

Ikki oylik muddat mobaynida Mamanbek Reymov yerlarni tasniflash, yerdan foydalanish xaritasi, boshqariladigan, boshqarilmaydigan va segmentga asoslangan tasniflash va tasviriy vositalar kabi yangi masofaviy zondlash tahlillari bilan tanishishdi. Bundan tashqari Valeria Balazsik tomonidan Landsat va Sentinel tasvirlari bilan solishtirish uchun bir qancha ilmiy-tadqiqot ishlarini o’tkazildi. Shuningdek, Professor Bela Markusning tavsiyasi va yordami bilan doktor Takas Andras Attila bilan uchrashuv o’tkazilib unda Vengriyadagi davlat tomonidan muhofaza qilinadigan tabiiy qo’riqxonalar va hududlarning hozirgi holati haqida ma’lumotlarga ega bo’lindi.

Obuda universitetida malaka oshirish kurslari davomida doktor Lorant Foldvary bilan birgalikda Erasmus + Xalqaro kredit mobillik loyihasining navbatdagi chaqiruvi uchun hujjat topshirildi. Bundan tashqari, TIQXMMI va Obuda Universiteti prorektorlari bilan uchrashuvlar o’tkazilib, ta’lim, ilm-fan, ilmiy va amaliy konferensiyalar, talaba va professor o’qituvchilar o’rtasida almashinuv, shuningdek, xalqaro hamkorlik  ishlarini kelgusida istiqbolli rejalar asosida amalga oshirish va yo’lga qo’yish masalalari bo’yicha suhbat o’tkazildi. Suhbat davomida bundan tashqari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Obuda Universiteti o’rtasida «Smart qishloq xo’jaligi», «Geoinformatika», «Yer boshqaruvi» va «Mexatronika» sohalarida yosh olimlarva magistrantlar uchun treninglar tashkil etish bo’yicha ham rejalar muhokama qilindi. Erasmus + Xalqaro kredit mobillik va Vengriya Hukumatining «Stipendium Hungaricum» stipendiya dasturlari doirasida yangi xalqaro hamkorlikni o’rnatish va mustahkamlash ishlari amalga oshirildi.