Print Friendly and PDF

Tempus GE-UZ loyihasining 2-hisobot yig’ilishi

2014 yilning 2-4 oktabr kunlari Budapeshtdagi Obuda Universitetida Tempus GE-UZ loyihasining 2-hisobot yig’ilishi bo’lib o’tdi. Obuda Universiteti ayrim institutsional o’zgarishlar sababli yaqindagina mazkur loyihaga a’zo sifatida qo’shildi. Loyiha hamkorlariga uning hozirgi holati haqida axborot berildi hamda kelgusi tashkiliy va boshqaruv vazifalari muhokama qilindi. Loyihaning bugungi kungacha o’tgan davri mobaynida uning eng muhim vazifalaridan biri bo’lgan O’zbekistonda Geoinformatika bo’yicha yangi magistratura mutaxassisligini akkreditatsiya qilish vazifasi amalga oshirildi va uning uchun yaratilgan tegishli standart Oliy ta’lim Vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Shuningdek, GE-UZ loyihasining eng muhim natijalari hisoblangan O’zbekistondagi hamkor universitetlarda 4 ta kompyuter laboratoriya xonalarini tashkil qilish ishlari amalga oshirildi hamda barcha universitetlar loyiha tomonidan moliyalashtirilgan eng zamonaviy geodezik asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Loyihaning Maslahat Kengashi yig’ilishi

Vengriya, Avstriya va Toshkentda tashkil etilgan trening kurslari davomida O’zbekistondagi hamkor universitetlarning 32 nafar yosh o’qituvchilari o’z malakalarini oshirdilar. Xalqaro hamkorlik doirasida 8 ta o’quv qo’llanmalari tayyorandi. Qatnashchilar yaratilgan standartlar umuman olganda a’lo darajada ekanligiga qo’shilishdi, lekin unda bir qator tuzatilishi kerak bolgan kamchiliklar ham bor. Darsliklarning yakuniy varianti tajriba-sinov kurslarining tahlilliy natijalariga qarab takomillashtiriladi. Yig’ilish davomida sifatni baholash va monitoring qilish zaruriyati ham muhokama qilindi hamda sifatni boshqarish bo’yicha tashkil etiladigan maxsus trening kursining kun tartibi aniqlab olindi. Shuningdek, kelgusida tashkil etiladigan yozgi trening kurslari va 2015 yilning may oyida bo’lib o’tishi rejalashtirilgan loyihaning yakuniy konferensiyasiga oid tashkiliy masalalar ham muhokama qilindi. Loyihani 2015 yilda amalga oshirish uning Maslahat Kengashi taklif va tavsiyalariga asoslanib tuzilgan ish reja bo’yicha davom etadi.

 Loyihaning 2-hisobot yig’ilishi qatnashchilari