Print Friendly and PDF

G'arbiy Vengriya Universiteti magistrantining taassurotlari

Men, Ilhom Abdurahmanov Tempus GE-UZ loyihasining Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutidagi a’zolaridan biriman. Mazkur loyihaning dastlabki ikki yilida mening asosiy vazifam loyiha doirasida tashkil etilgan turli xil trening kurslarida qatnashish orqali talabalarni yangi ochilgan Geoinformatika bo’yicha magistratura mutaxassiligiga yo’naltirish va bu to’g’risida ularga ma’lumot berish, shuningdek, loyihaning texnik hamda tashkiliy ishlarida faol ishtirok etishdan iborat bo’ldi.

2014 yilning 3 sentabridan Erasmus Mundus gSmart (http://em-gsmart.zgis.net/) loyihasi doirasida G’arbiy Vengriya Universitetida Geoinformatika mutaxassiligi bo’yicha magistraturada ta’lim olishni boshladim. Erasmus Mundus gSmart loyihasi avvalambor, Yevropa va Markaziy Osiyo Universitetlarining “Fazoviy fanlar”ni o’qitishga yo’naltirilgan hamkorlik tizimiga asoslangan bo’lib,  zamonaviy geofazoviy usul va texnologiyalar orqali jamiyat, iqtisodiyot va atrof-muhit sohalaridagi boshqaruvni yaxshilashga qaratilgandir.

Men Vengriyadagi hayotimning dastlabki unutilmas onlarini Sekeshfehervar shahrida boshladim va bu shahar o’zining go’zalligi, osudaligi va aholisining mehmondo’stligi bilan menga juda ham yoqdi. Bu yerda men Obuda Universitetining “Geo” fakulteti xodimlari bilan birgalikda shaharning 2014 yilgi an’anaviy “Lacho Festival”ida ishtirok etib, vengriyaliklarning milliy taomlaridan biri bo’lgan “Lacho”ni tatib ko’rdim va u menga juda ham yoqdi.

Shuningdek, men Vengriyaning Geodeziya, kartografiya va masofadan zondlash instituti Geodeziya va kartografiya bo’limi boshlig’i Imre Bushich hamda TIMI Geodeziya va yer kadastri kafedrasi dotsenti, GE-UZ loyihasining O’zbekistondagi dasturi rahbari hamda loyihaning Vengriyadagi bir oylik trening qatnashchisi Ilhomjon Musayev bilan birgalikda Vengriyaning eng chiroyli tabiati mujassam bo’lgan joylaridan biri bo’lgan Balaton ko’liga bordim. U yerning ajabtovur tabiati meni o’ziga maftun etdi. 

2014 yilning oktabr oyida Budapeshtdagi Obuda Universitetida tashkil etilgan Tempus GE-UZ loyihasining 2-Hisobot yig’ilishida ishtirok etdim. GE-UZ loyihasining boshqaruv va maslahat kengashi a’zolari ishtirok etgan mazkur yig’ilishda loyihaning o’tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar o’rganib chiqilib, umumlashtirildi hamda loyihaning oxirgi yili uchun aniq maqsadli reja ishlab chiqildi.


G’arbiy Vengiya Universitetida ta’lim olish davomida professor Veress Marton, dotsent Toth Gabor hamda kursdoshlarim bilan birgalikda Koszeg, Hochshvab va Bakonybel tog’laridagi dala sayohati amaliyotlarida qatnashdim. Mazkur qiziqarli amaliyotlar davomida geomorfologiya bo’yicha yangi bilimlarni o’zlashtirdim.

Xulosa o’rnida men gSmart Erasmus Mundus hamda Tempus GE-UZ loyihalarining barcha a’zolariga menga bergan tavsiya va yordamlari uchun minnatdorchilik bildiraman hamda ularning kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab qolaman.